Jizzaxda Telegram‘da 18 kishilik guruh ochib, ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatib kelgan shaxslar ushlandi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida diniy ekstremistik oqimlar va xalqaro terrorchilik tashkilotlari targ‘ibotchilarining g‘oyaviy taʼsiriga tushgan shaxslar aniqlangan.
Maʼlum bo‘lishicha, Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalaridan birida tahsil olayotgan G‘allaorol tumanining Jiyda mahallasida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro hamda tumanning Oqtosh mahallasida istiqomat qiluvchi 2002 yilda tug‘ilgan shaxs Telegram messenjerida guruh tashkil etgan.
Ushbu guruhlar orqali ular qonun bilan taqiqlangan diniy ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatib kelgan. Natijada G‘allaorol tumanining Jiyda, G‘obdin, Lalmikor, Navro‘z, Navbahor, Xo‘jakabud va Yashnobod mahallalarida yashovchi qariyb 18 nafar shaxs jalb etilib, virtual jamoa shakllantirilgani, unda ekstremistik g‘oyalar muhokama qilingani hamda turli kontentlar almashilgani aniqlangan.
Hamkorlikdagi tezkor tadbirlar davomida mazkur ikki nafar shaxs protsessual tartibda ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-moddasi birinchi qismi (Ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida daʼvat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, 9 nafar shaxs maʼmuriy qamoqqa olingan, yana 7 nafar fuqaro bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularga qonun talablari va bunday xatti-harakatlarning huquqiy oqibatlari tushuntirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20216 | Инструменты