Aviator savdo majmuasidagi yong‘in bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Aviator savdo-ko‘ngilochar majmuasida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov maʼlum qildi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, yong‘in 31 yanvar kuni tushdan keyin savdo markazining ikkinchi qavatida yuz bergandi. U yerda Pixel nomli bolalar maydonchasi va bir qator umumiy ovqatlanish shoxobchalari joylashgan bo‘lgan. Birinchi qavatdagi Korzinka supermarketi yong‘indan zarar ko‘rmagan.

Hodisa oqibatida vayronalar ostida 3 yoshli qizaloqning jasadi topilgan. FVV maʼlumotlariga ko‘ra, boshqa jabrlanganlar aniqlanmagan.

Dastlabki o‘rganishlar jarayonida yong‘in vaqtida ikkinchi qavatdagi yong‘in signalizatsiyasi va purkagichlar ishlamagan, shuningdek, zinapoyali yong‘in chiqish joyi yopiq bo‘lgan. Signalizatsiya faqat birinchi qavatda ishlagan.

Yong‘in qariyb 800 kvadrat metr maydonni qamrab olgan. O‘t o‘chirish ishlariga 12 ta asosiy va 4 ta maxsus texnika, shuningdek, 6 ta suv tashuvchi texnika jalb etilgan. Yong‘inni o‘chirishga bir soatdan ko‘p vaqt ketgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20213 | Инструменты