Yangi tariflar 20-oktyabrdan kuchga kirdi. Janubiy Koreyaga E-9 vizasi asosida ishga yuboriladigan fuqarolar uchun xizmat haqi 50 BHMdan 10 BHMga tushirildi. Natijada avval 22 million so‘m bo‘lgan to‘lov 4 million 400 ming so‘mni tashkil etadi. E-7 vizasi asosida ishga joylashtirish xizmati uchun ham 10 BHM — 4 million 400 ming so‘m miqdorida tarif belgilandi.
O‘zbekistonda Migratsiya agentligi orqali xorijda ishga joylashtirish xizmatlari narxlari pasaytirildi. Bu haqda agentlikning 20-oktyabr kuni o‘tkazilgan brifingida ma’lum qilindi.
Agentlik direktorining 19-oktyabrdagi 114-sonli buyrug‘i bilan jo‘nab ketishdan oldingi o‘qitish (moslashtirish) va xorijda ishga joylashtirish xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi.
Xususan, Janubiy Koreyaga E-9 vizasi asosida ishga yuboriladigan fuqarolar uchun xizmat haqi 50 BHMdan 10 BHMga tushirildi. Natijada avval 22 million so‘m bo‘lgan to‘lov 4 million 400 ming so‘mni tashkil etadi. Bu har bir fuqaro uchun 17 million 600 ming so‘m tejalishini anglatadi.
Janubiy Koreyaga E-7 vizasi asosida ishga joylashtirish xizmati uchun ham 10 BHM — 4 million 400 ming so‘m miqdorida tarif belgilandi.
Shuningdek, Yevropa davlatlari, Rossiya va arab mamlakatlariga Migratsiya agentligi orqali tashkiliy tartibda ishga yuboriladigan fuqarolardan 2026-yil 31-dekabrga qadar agentlik xizmatlari uchun to‘lov undirilmaydi. Ayrim hollarda xizmat haqini xorijiy ish beruvchilar qoplashi mumkin.
Boshqa davlatlarga ishga joylashtirish uchun quyidagi tariflar belgilandi:
Belarusga — 44 ming so‘m;
Rossiyadan tashqari MDH davlatlari va Mongoliyaga — 440 ming so‘m;
Gruziyaga — 880 ming so‘m;
Turkiyaga — 1 million 320 ming so‘m.
Yaponiyaga texnologiyalar, gumanitar bilimlar va xalqaro ishlar yo‘nalishida ishga joylashtiriladigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun xizmat haqi 440 ming so‘m etib belgilandi. Maxsus malakali ishchi va texnik stajirovka dasturlari bo‘yicha esa to‘lov 4 million 400 ming so‘mni tashkil etadi.
Yangi tariflar 2026-yil 20-oktyabrdan kuchga kirgan bo‘lib, ushbu sanagacha tuzilgan shartnomalarga tatbiq etilmaydi.
Migratsiya agentligi tariflar faqat o‘zi ko‘rsatadigan xizmatlarga tegishli ekanini ta’kidladi. Viza rasmiylashtirish, aviachiptalar, tibbiy ko‘rik va boshqa xarajatlar dastur hamda mehnat shartnomasi shartlariga qarab alohida to‘lanishi mumkin.
Yangi tariflar haqida agentlikning rasmiy sahifalari yoki 1282 qisqa raqami orqali ma’lumot olish mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102113 | Инструменты