Isroildagi O‘zbekiston fuqarolari ushbu mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilgani haqida ogohlantirildi. Bu haqda Tel-Avivdagi O‘zbekiston elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 22 iyun soat 03:45 dan 23 iyun 8:00 gacha mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etilgan. Bu qaror mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan qabul qilingan.
Shunga muvofiq, ilgari “cheklangan faoliyat” deb belgilangan hududlarda endi “zarur hollarda faoliyat” tartibi joriy qilindi, barcha taʼlim muassasalari o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Shuningdek, barcha ishlab chiqarish korxonalari yopiladi, faqat harbiy va tinch aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan tarmoqlar bundan mustasno. Bundan tashqari, ish joyiga borish ham taqiqlanadi.
“Yurtdoshlarimizni yana bir bor xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilishga, mamlakatda bo‘lish vaqtida ehtiyotkorlikni oshirishga va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikka chaqiramiz”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, elchixona rasmiy maʼlumotlardan xabardor bo‘lib borishni iltimos qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62219 | Инструменты