"Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas" - Prezident

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kun tartibida davlat va jamiyatimiz hayotining barcha sohalari qamrab olingan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi boshlanadi.

Unda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Prezident o‘tgan yili saylovoldi dasturi doirasida hududlarga tashriflarda “Inson qadri uchun” tamoyilini barcha islohotlarning bosh mezoni sifatida belgilanganini ta'kidladi.

“Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik. Ushbu strategiyada:

- yaqin va o‘rta istiqbolda O‘zbekistonning taraqqiyot tendensiyalari qanday bo‘ladi?

- kelgusidagi faoliyatimizni belgilaydigan aynan qaysi maqsad va vazifalar biz uchun eng dolzarb va ustuvor hisoblanadi?

- davlat va jamiyat hayotining barcha jabha va yo‘nalishlarini kompleks rivojlantirish uchun asosiy e’tiborni nimalarga qaratishimiz kerak?

- keyingi yillarda qabul qilingan qonun va qarorlarimiz, dastur va rejalarimizni yangi davrda qanday davom ettirishimiz, ularga qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishimiz kerak, degan savollarga chuqur va atroflicha javob berilgan", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari xalqimiz bugungi keng ko‘lamli o‘zgarishlarga katta ishonch bilan qarab, tezroq ularning samarasini ko‘rishni istayotganini ta’kidladi.

"Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.

Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz.

Bu maqsadga erishish uchun esa dunyodagi noyob demokratik tuzilma bo‘lgan mahalla institutining katta imkoniyatlaridan samarali foydalanish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, pirovard natijada mahallani jamiyatimizning hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirish vazifasini o‘z oldimizga qo‘ymoqdamiz.

Muxtasar aytganda, mahalla tinch bo‘lsa, yurt tinch bo‘ladi. Mahalla obod bo‘lsa, butun mamlakat obod bo‘ladi", dedi Prezident.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11705 | Инструменты