Ichimlik suvi narxi oshiriladimi, yoxud tariflar shakllanishi nimaga bogʻliq?

Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv xizmatlari tariflarini qayta ko‘rib chiqish, tasdiqlash va joriy etish O‘zbekiston Respublikasining “Ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risidagi O‘RQ-784-son Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi (Qonunning 45–46–47-moddalari).

Xususan, suv ta’minoti korxonalari tomonidan shakllantirilgan takliflar jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilib, hududiy monopoliyaga qarshi kurashish va moliya boshqarmalarining xulosalari olingandan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan ma’qullanib, tasdiqlanadi.

Tariflarning belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqilishi iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirishga, sohani rivojlantirish va modernizatsiya qilish orqali sifatli xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflar:

  • mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar (elektr energiya, ish haqi, reagentlar, joriy va mukammal ta’mirlash);
  • tizim obyektlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari;
  • Xalqaro moliya institutlari oldidagi majburiyatlar;
  • soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

So‘nggi yillarda yurtimizda markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashdi. Bu yo‘nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.

Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan tashqari bir qator omillar ta’sir qiladi:

  1. So‘nggi 3 yil ichida iste’molchilar soni 1 milliontaga oshgan. Ularga ichimlik suvi yetkazib berish yanada ko‘proq xarajatlarni talab etadi.
  2. Suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi.
    — 2023-yil 1-oktabrdan elektr energiyasi narxi 450 so‘mdan 900 so‘mga,
    — 2025-yil 1-maydan 900 so‘mdan 1 000 so‘mga oshgan.
  3. Muntazam ravishda yuzaga keladigan avariya holatlarini bartaraf etish, tarmoqlarni joriy va mukammal ta’mirlash xarajatlari.

Bugungi kunda 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida:

— elektr energiya xarajatlari 19 foizni;

— joriy va mukammal ta’mir xarajatlari 5 foizni;

— xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 9 foizni;

— ish haqi xarajatlari 30 foizni;

— amortizatsiya xarajatlari 15 foizni;

— soliqlar va YAIT xarajatlari 5 foizni;

— boshqa xarajatlar 17 foizni tashkil etadi.

Bugungi tariflar bilan hisoblaganda, respublika bo‘yicha o‘rtacha aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvning 1 litri 3,3 so‘mga to‘g‘ri keladi. Savdo do‘konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 4 000 so‘mni tashkil etmoqda. Solishtirilganda ichimlik suv narxi 1 210 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 2 800 litr ichimlik suv yetkazib beriladi.

Ichimlik va oqova suv xizmatlari bo‘yicha tariflar respublika hududlari bo‘yicha alohida tasdiqlanishi sababli, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari ko‘rib chiqishiga qarab, energiya resurslari narxlari oshishiga mutanosib ravishda turli vaqtlarda tasdiqlanib, joriy qilinmoqda.

Ko‘rsatilayotgan ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasligi natijasida korxonaning o‘z joriy xarajatlarini qoplash imkoniyati cheklanib boradi. Xususan:

Energiya resurslari narxlari oshganida:

— Navoiyda 2023–2024-yillarda 183 kunga va 2025-yilda 123 kunga;

— Namanganda mos ravishda 173 va 73 kunga;

— Xorazmda 259 va 35 kunga;

— Toshkent viloyatida 142 va 61 kunga;

— Surxondaryoda 183 va 31 kunga;

— Sirdaryoda 78 va 70 kunga;

— Buxoroda 106 va 61 kunga;

— Qoraqalpog‘istonda 106 va 31 kunga kechikib ichimlik va oqova suv xizmatlari tariflari ko‘rib chiqilgan.

Natijada, 2023–2025 yillarda tariflarning hududlarda o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmaganligi sababli elektr energiyasi narxining oshishi oqibatida 128,1 mlrd so‘m zarar yuzaga kelgan bo‘lib, mazkur zararlarni qoplash manbasi mavjud emas.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-may sanasidan elektr energiya narxi oshgan bo‘lsa-da, Jizzax viloyati va Toshkent shahrida ichimlik va oqova suv tariflari hali tasdiqlanmagan.

 Jahon davlatlarida ichimlik suv narxlari:

 

T/r

Mamlakat

1 m³ suv uchun (AQSh dollarida)

T/r

Mamlakat

1 m³ suv uchun (AQSh dollarida)

1

Daniya

3,48

17

Vengriya

1,26

2

Germaniya

2,97

18

Bolgariya

1,2

3

Belgiya

2,87

19

Gibraltar

0,95

4

Gollandija

2,54

20

Moldaviya

0,94

5

Norvegiya

2,44

21

Ruminiya

0,94

6

Fransiya

2,43

22

Turkiya

0,86

7

Avstriya

2,28

23

Ukraina

0,64

8

Shveytsariya

2,19

24

Rossiya

0,52

9

Angliya

2,06

25

Albaniya

0,47

10

Shvetsiya

2,04

26

Armaniston

0,51

11

Finlyandiya

1,88

27

Gruziya

0,46

12

Portugaliya

1,64

28

Belarusiya

0,39

13

Italiya

1,59

29

Qozog‘iston

0,33

14

Ispaniya

1,5

30

Ozarbayjon

0,29

15

Estoniya

1,36

31

O‘zbekiston

0,27

16

Polsha

1,34

32

Qirg‘iziston

0,23

Jadval internet ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122911 | Инструменты