Yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi

“Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga davlat ijtimoiy qo'llab-quvvatlash choralarini taqdim etish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–258-son, 26.12.2025-y.) qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” va Kambag'al oilalar reestri negizida yagona Ijtimoiy reyestr yuritiladi.

Ijtimoiy reyestr – “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritilib, davlat ijtimoiy qo'llab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan oilalar (shaxslar)ni aniqlash va ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini baholash vazifalarini bajaradi.

Ijtimoiy reyestrda oilalar ijtimoiy-iqtisodiy holatidan kelib chiqib, “davlat ta'minotidagi oila”, “kambag'al oila” va “kambag'allik chegarasidagi oila” toifalariga ajratiladi.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning toifalarini belgilashning quyidagi tartib joriy etiladi:

- oila a'zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan va ularning har biriga to'g'ri keladigan jami o'rtacha oylik daromadi minimal iste'mol xarajatlaridan kam bo'lgan belgilangan oilalar “davlat ta'minotidagi oila” toifasiga kiritiladi;

- oila a'zolari mehnatga layoqatli yoki mehnat qilish imkoniyatiga ega bo'lgan va ularning har biriga to'g'ri keladigan jami o'rtacha oylik daromadi minimal iste'mol xarajatlaridan kam bo'lgan oilalar “kambag'al oila” toifasiga kiritiladi;

- oila a'zolarining har biriga to'g'ri keladigan jami o'rtacha oylik daromadi minimal iste'mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo'lgan quyidagi oilalar “kambag'allik chegarasidagi oila” toifasiga kiritiladi:

- “davlat ta'minotidagi oila” yoki “kambag'al oila” toifalaridan chiqarilgan oilalar;

- “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi asosida Farmonda belgilangan og'ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oila deb topilgan oilalar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122717 | Инструменты