Huawei 1
Huawei kompaniyasi bilan raqamli ta’lim yo‘nalishida hamkorlik dasturlari davom ettiriladi

Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti janob Van Shunli boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda raqamli taʼlimni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik, Huawei taʼlim dastur va loyihalarida IT isteʼdodlarning yutuqlari, shuningdek, Oʻzbekiston talabalari uchun ilgʻor texnologiyalarni oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Rustam Karimjonov kompaniyaning “Seeds for the Future” va “Tech4Good” kabi loyihalari orqali raqamlashtirish sohasida O‘zbekiston yoshlari salohiyati va imkoniyatlarini oshirishga qo‘shgan hissasini alohida qayd etdi.

Van Shunli uzoq muddatli ikki tomonlama munosabatlar va kompaniyaning O‘zbekistonda AKT sohasida loyihalarni amalga oshirishda vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Vitse-prezident O‘zbekiston talabalarining “Seeds for the Future – 2023” loyihasida erishayotgan yutuqlariga vazirlik rahbariyatining hamkorligi va bevosita hissasi, “Tech4Good” tanlovining mintaqaviy g‘olibligi va jahon miqyosidagi sovrindori bo‘lganini alohida ta’kidladi.

O‘zbekistonda raqamlashtirish sohasi jadal rivojlanib borayotgani va malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olgan holda tomonlar Huawei loyihalari, jumladan, AKT Akademiyasi va CDO treninglari asosida hamda O‘zbekistonning AKT sohasida rejalashtirilgan yirik tadbirlar doirasida ham dasturlarni amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Maʼlumot uchun: Huawei “AKT Akademiyasi” (Huawei ICT Academy) Huawei va butun dunyo universitetlari oʻrtasidagi hamkorlikdir. Ushbu hamkorlik orqali AKT akademiyasi Huawei AKT texnologiyalari bo‘yicha treninglar o‘tkazadi, talabalarni Huawei sertifikatlarini olishga undaydi va AKT sanoati va jamiyat uchun amaliy ko‘nikmalarga ega iste’dodlarni rivojlantiradi. Dunyo bo‘ylab 110 ta mamlakat va mintaqadagi universitetlar bilan hamkorlikda 2600 dan ortiq AKT Akademiyalari ochildi, 110 000 dan ortiq o‘qituvchilar sertifikatga ega bo‘lishdi. 200 000 dan ortiq talaba AKT Akademiyalari dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga