Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvidagi rolini oshirish, shuningdek jamoatchilik nazoratini, ijtimoiy sheriklikni takomillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga ijtimoiy-iqtisodiy sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining erkinligi kafolatlarini mustahkamlash hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish natijalari bo‘yicha tayyorlangan yakuniy hujjatni ko‘rib chiqmaganlik, homiylik to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatni amalga oshirish tartibini buzganligi uchun javobgarligi qayta ko‘rib chiqilmoqda.
“Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarga fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlariga davlat organlari tomonidan bevosita davlat ijtimoiy buyurtmalari berilishining yangi mexanizmlari belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining majburiyatlari, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari qayta ko‘rilib, qayta ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun davlat boji miqdori, shuningdek homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibi aniqlashtirilmoqda.
“Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi Qonunga jamoat fondi muassisligiga bo‘lgan talablar kuchaytirilishini, jamoat fondini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi aniqlashtirilishini, jamoat fondining mol-mulkidan foydalanish yana-da erkinlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bir kalendar yilda bank hisobvaraqlarida pul aylanmasi mavjud bo‘lmagan jamoat fondi uchun ushbu kalendar yilda o‘z faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish ixtiyoriy tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.
“Homiylik to‘g‘risida”gi Qonunga xayriya qutilaridan foydalanish tartibini belgilovchi, olingan homiylik xayriyalarini hisobga olish va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor etish hamda homiylik xayriyalarini yig‘ish tartibini takomillashtiruvchi normalar kiritilmoqda.
Muhokama davomida senatorlar tomonidan ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, shuningdek ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muhokama so‘ngida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43023 | Инструменты