Senatning oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024-yil 23-avgust) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, Qonun bilan ratifikatsiya qilinayotgan mazkur Shartnoma O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tomonidan 2024-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig‘ilishi doirasida imzolangan.
Mazkur Shartnoma ikki davlat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnomaviy-huquqiy jihatdan mustahkamlashni nazarda tutadi.
Shuningdek, Shartnomada tomonlarning bir-birlariga qarshi qaratilgan hech qanday bloklar yoki ittifoqlarda qatnashmaslik hamda Tomonlardan birining fikri bo‘yicha ikki davlatning strategik sherikligi va ittifoqchilik munosabatlariga zarar yetkazadigan har qanday harakatlarda ishtirok etishdan saqlanish kabi majburiyatlari belgilangan.
Qonun bilan mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stona aloqalar va strategik sheriklikni yanada mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, Shartnoma siyosiy hamkorlikni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, Shartnoma ikki mamlakatning hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, logistika, energetika, sanoat, taʼlim va turizm kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ochib beradi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43022 | Инструменты