Deputat pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi joriy etishni taklif qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» partiyasi a’zosi Dilnoza Azizova bolalarga nisbatan har qanday jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod qamoq jazosini joriy etishni taklif qildi.

Deputat Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yoshli qiz o‘z qarindoshi bo‘lgan katta yoshli erkak tomonidan zo‘rlangani haqidagi voqeaga shunday munosabat bildirdi.

«Namangandagi voqea — faqat bir pedofilning razolati emas, bu jinoyatni yillar davomida «axloq tuzatish ishlari» degan yumshoq ifoda bilan oqlab kelgan tizimning yuzi. Bolaning hayoti bilan o‘ynash mumkin emas. Bu faqat jinoyat emas — insoniylikka qarshi qo‘zg‘olon», deb yozdi Azizova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pedofillar jazo muddatini «yaxshi xulq» bahonasi bilan qisqartirib, ko‘chada erkin yurgani «davlatning bolaga bo‘lgan munosabatidan darak».

«Qonun faqat qog‘ozda emas, hayotda ham qattiq bo‘lishi kerak. Bunday jinoyatchilar uchun kechirish, yengillik yoki «yaxshi xulq» degan gap bo‘lmasligi shartligining yana bir isbotiga guvoh bo‘ldik... Mening talabim qat’iy, bolalarga nisbatan har qanday jinsiy zo‘ravonlik uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini qonun darajasida belgilashning vaqti keldi», deb yozdi Azizova.

Deputat so‘zlariga ko‘ra, «pedofillarga yengil munosabatda bo‘lsak, demak, kelajakni qo‘limiz bilan yo‘q qilyapmiz».

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101814 | Инструменты