Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi o‘rtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, natijada esa qarz yukining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.
Aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targ‘ibot materiallarida aholining e’tibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq, bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Markaziy bank bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun 43-moddasiga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Mazkur takliflarga ko‘ra, aholiga taklif etilayotgan kredit, jumladan mikroqarzlar reklama qilinganda, reklama maydoni va vaqtining kamida 10 foizi bunday moliyaviy xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar to‘g‘risidagi ogohlantirishga ajratilishi belgilanmoqda.
Ushbu tashabbus aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni har qanday qarz majburiyatini olgan holda o‘z moliyaviy imkoniyatlarini aniq va mas’uliyatli baholashga, shuningdek, bunday xizmatlar bilan bog‘liq shartlar, foiz stavkalari va to‘lov majburiyatlarini diqqat bilan o‘rganishga chaqiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101719 | Инструменты