Huawei 1
Changli havoda qanday tibbiy tavsiyalarga amal qilish kerak?

Bugun, 17 may kuni poytaxtimiz va yurtimizning ayrim hududlarida shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon hodisasi kuzatilmoqda.

Xo‘sh, bunday noqulay ob-havo sharoitida qanday tibbiy tavsiyalarga amal qilish lozim?

— Bu vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.

Chunki to‘zonli havo tarkibida o‘simlik changlari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.

Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.

Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.

Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni tez-tez almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Agar tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda va tomoqda qichishish va qizarish, yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, oilaviy shifokorga murojaat qiling.

Eslatib o‘tamiz, yurtdoshlarimiz bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, “103” xizmatiga qo‘ng‘iroq qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin.

Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq taʼminlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51802 | Инструменты