Abituriyentlarning 210 nafari 189 va undan yuqori ball to‘pladi

AOKAda Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida 2024/2025 o‘quv yili uchun taʼlim tashkilotlariga kirish test sinovlarining dastlabki yakunlari yuzasidan maʼlumot berildi.

2024/2025 o‘quv yili uchun ta’lim tashkilotlariga kirish test sinovlarining dastlabki yakunlari

2024-2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari 2024-yil 14-25-iyul kunlari “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga muvofiq 73 ta katta sig‘imli binoda ochiq va xolis o‘tkazildi.

Jarayonni xavfsiz va betalafot o‘tkazish uchun 1 578 nafar ichki ishlar, 833 nafar Milliy gvardiya, 314 nafar Yong‘in xavfsizligi  va 233 nafar Sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari jalb etildi.

Test sinovlari shaffofligini ta’minlash maqsadida, test sinovlari jarayonining onlayn translyatsiyasi televideniye orqali (“Viasat Explorer” telekanalida) uzatildi va test2024.uz veb-saytida to‘g‘ridan to‘g‘ri yoritildi.

 Abituriyentlarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik uchun soya-salqin kutish joylari va yengil ovqatlanish shoxobchalari tashkil etildi va test jarayonini onlayn kuzatishlari uchun katta ekranlar o‘rnatildi. 

Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 3 000 nafarga yaqin guruh nazoratchisi, shuningdek, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida 120 nafar surdotarjimon jalb etildi.

Respublika bo‘ylab yaratilgan ushbu shart-sharoitlar ota-onalar tomonidan ijobiy qabul qilindi va test sinovlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. 

Test sinovlarining har kunlik natijalari Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilib borildi.

Hujjat topshirgan 805 688 nafar abituriyentning 740 352 nafari (91,9%) test sinovlarida ishtirok etdi, 65 336 nafar (8,1 %) abituriyent turli sabablarga ko‘ra qatnashmadi.

Test sinovlarida ishtirok etgan 740 352 nafar abituriyentdan 418 ming nafardan ortig‘i yoki 56,5%(2023-yilda 53.3%) 56,7 dan yuqori ball to‘plagan holda tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. 321 ming nafardan ortig‘i yoki 43,5% (2023-yilda 46.7%) abituriyent 56,7 dan past ball to‘plagan holda tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘la olmadi. 

Abituriyentlarning 210 nafari (2023-yilda 119 nafar) 189 va undan yuqori ball to‘pladi (shundan 91 nafari 189 dan yuqori ball to‘plagan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchilari hisoblanadi).

Ular orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich 217,4 ball to‘plagan imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi bitiruvchisida qayd etildi. Shuningdek, 189 va undan yuqori ball to‘plagan 210 nafar abituriyentning:

77 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari tarix va chet tili bo‘lgan;

43 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari biologiya va kimyo bo‘lgan;

40 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari ona tili va adabiyot hamda ingliz tili bo‘lgan;

21 nafari imtihon topshirgan fanlar majmuasidagi asosiy fanlari davlat huquq asoslari va chet tili bo‘lgan abituriyentlar hisoblanadi.

Shuningdek, test sinovlarida ishtirok etgan abituriyentlarning 43 677 nafari (2023-yilda 25 661 nafar) chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar bo‘lib, shundan 76 nafari maksimal (189,0) ball to‘plagan. Umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlar esa 13 142 nafarni (2023-yilda 3 255 nafar) tashkil etgan holda, ulardan 118 nafari maksimal (189,0) ball olgan. Ham umumta’lim fanlaridan milliy sertifikatga, ham chet tili sertifikatiga ega bo‘lgan abituriyentlar soni 4 259 nafar (2023-yilda 355 nafar) bo‘lib, shundan 74 nafari maksimal (189,0) ball to‘plagan. 

Test sinovlari davrida jami 159 nafar abituriyent tartib-qoidalarni buzganligi sababli test sinovlaridan chetlashtirildi. Jumladan, 62 nafar abituriyent hududga kirish joyida va 97 nafar abituriyent imtihon jarayonida test sinovlari tartib-qoidalarini buzganligi aniqlandi.

Abituriyentlarga 2024-yil 27-iyuldan 10-avgustga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti orqali test sinovlarida to‘plagan balidan kelib chiqib beshtagacha oliy ta’lim muassasasi va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati berildi.

Shuningdek, Bilimni baholash agentligi tomonidan 2024/2025 o‘quv yili uchun 25-27-iyul kunlari akademik litseylarga kirish test sinovlari ham o‘tkazildi. 

Bunda:

respublika oliy ta’lim muassasalari akademik litseylari, Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi akademik litseylar, Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseylar, “Temurbeklar maktabi”, “Yosh chegarachilar”, Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseylarga kirish test sinovlarida jami qatnashishi kerak bo‘lgan 62 728 nafar talabgordan 55 301 nafari yoki 88,2 %i qatnashdi.

Jami 7 427 nafar yoki 11,8 % talabgor test sinoviga kelmadi.

Akademik litseylarga kirish test sinovlari shaffofligini ta’minlash maqsadida, imtihonlar televideniye orqali (“Viasat Explorer” telekanalida) hamda test2024.uz veb-saytida onlayn translyatsiya qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80401 | Инструменты