So‘nggi yillarda Toshkent shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish obyektlarini saqlash, ayrim sanoat korxonalari va boshqa obyektlarni shahar tashqarisiga ko‘chirish orqali poytaxt ekologiyasiga bo‘lgan bosimni pasaytirish va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish, Toshkent shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarini yana-da jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 martda 220-f-sonli farmoyishi qabul qilingan.
Mazkur farmoyishga asosan Yunusobod tumani Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi bino-inshootlari va unga tegishli hudud Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan. Mazkur hududda barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklatilgan.
Biroq oradan ancha vaqt o‘tganiga qaramay, farmoyishda belgilangan vazifalar ijrosi hanuzgacha to‘liq taʼminlanmagan. Hozirda ushbu yer maydonlari qarovsiz holatda qolayotgani, ayrim qurilish kompaniyalari tomonidan esa hududdan xususiy manfaatlarda foydalanishga bo‘lgan urinishlar kuzatilayotgani fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova tomonidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga senator so‘rovi yuborildi.
Senator Toshkent shahar hokimidan mazkur hududning hozirgi holati, farmoyishda belgilangan vazifalar bajarilishi kechikkani sabablari hamda tegishli yer maydonini obodonlashtirish va zamonaviy xiyobon barpo etish bo‘yicha ko‘rilgan amaliy choralar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishni so‘ragan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100702 | Инструменты