Huawei 1
Sunʼiy intellekt sohasining infratuzilmasi va kadrlar salohiyati rivojlantiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni mamlakatimizda sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda dunyoda sunʼiy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sunʼiy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz sunʼiy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bu natijalar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali ko‘p ish turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030 yilgacha mo‘ljallangan Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, taʼlim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirildi. Hozirda sunʼiy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

– Sunʼiy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

Taqdimotda sunʼiy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini o‘zimizda yaratish, maʼlumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni taʼminlash zarurligi qayd etildi.

Sunʼiy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027 yilga qadar 1 million nafar yosh sunʼiy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sunʼiy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha “HealthTech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu tajribani kengaytirib, taʼlim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish muhimligini qayd etildi.

Prezidentimiz taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sunʼiy intellektni joriy etishni yana-da jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida yana-da takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100702 | Инструменты