Bu kunga 2010-yilda Qozog'iston, O'zbekiston va Rossiya vakillari ishtirok etgan "SOS Sayg'oq" dasturi doirasida tashkil etilgan seminarda asos solingan. Har yili shu kuni hayvonot olamining ushbu noyob turini muhofaza qilishga alohida e'tibor qaratiladi, bu borada targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Ma’lumot uchun, sayg‘oq butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan juda noyob tur hisoblanadi. O‘zbekiston Qizil kitobi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil ro‘yxati va CITESning II Ilovasiga kiritilgan.
Sayg‘oqlar o‘tmishda juda ko‘p bo‘lgan. 1990-yillardan boshlab esa soni 99,5 foizga qisqarib ketdi. Areali bir nechta mamlakatlarni qamrab oladi: Qozog'iston, Rossiya, Qirg'iziston, Mo'g'uliston, Turkmaniston va O'zbekiston. Sayg‘oqlar populyatsiyasini ko‘paytirish maqsadida 2016-yilda Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq va Qo‘ng‘irot tumanlarida umumiy maydoni 848,1 ming gektar, muhofaza zonasi 219,8 ming gektar bo‘lgan “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilgan.
Qolaversa, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sayg‘oqlarni saqlab qolish, tiklash va barqaror foydalanish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi hamda sayg‘oqlarni saqlab qolish va ko‘paytirish bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50519 | Инструменты