Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘chmas mulk bozorida kuzatilinayotgan o‘zgarishlar tahlil qilindi. 2025 yil birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, uy-joy sotuvlari 10,6 foizga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi.
Iyun oyi yakuniga ko‘ra 21 mingta oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7%ga oshdi.
Hududiy dinamika
2025 yilning birinchi yarim yilligida hududlarda ko‘chmas mulk bozorida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Oldi-sotdi shartnomalarida eng yuqori o‘sish Jizzax (29,9%), Navoiy (18,3%) va Surxondaryo (17,7%) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida bitimlar hajmi biroz kamaygani (2,6%) kuzatildi.
Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori
Iyun oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 0,3%ga oshdi. Yillik hisobda o‘sish 1,8%ni tashkil etdi.
Hududlar kesimida, iyun oyida Jizzax viloyatida uy-joy narxlari biroz pasayganiga (-1,3%) qaramasdan, yillik o‘sish surʼati bo‘yicha yetakchilik qilmoqda (11,7%). Shu bilan birga, yillik hisobda ijobiy dinamika Surxondaryo (10,9%), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3%), Xorazm (7,3%) va Namangan (7,1%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,8%ga pasayib, yangi qurilgan uylar narxlari esa biroz kamaydi (1,6%).
O‘tgan yilning iyun oyidan poytaxtdagi ikkilamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Mirzo-Ulug‘bek (-7,6%), Yashnobod (-7,3%) va Chilonzor (-6,9%) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Uchtepa (-9,7%), Yunusobod (-8,8%) va Shayxontohur (-7,7%) tumanlarida qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijara bozori tahlili
Iyun oyida Toshkent shahrida ijara narxlari barqarorligi kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlab qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollarni tashkil etdi.
Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlari 2,6%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71820 | Инструменты