Shinjon usuli paxtachilikda yuqori samara bermoqda

Prezident Gʻuzor tumanida “Qashqadaryo Jingu” korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada boʻldi.

Davlat rahbariga chigit ekish, gʻoʻzani sugʻorish va parvarishlashda qoʻllanayotgan texnologiyalar haqida maʼlumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qoʻsh qatorlab ekilgan, tomchilatib sugʻorish toʻliq joriy qilingan.

Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va oʻgʻit esa tomchilatib sugʻorish tizimi orqali bevosita gʻoʻza ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, oʻgʻit sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil anʼanaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.

Prezident paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. Anʼanaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu koʻrsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.

Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanish ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilgʻi sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.

Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan “Qashqadaryo Jingu” agroklasteri Koson, Nishon, Gʻuzor, Koʻkdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan choʻl va qarovsiz maydonlar boʻlgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish oʻrni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102121 | Инструменты