Huawei 2
Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisi 18-may kuni chaqiriladi

Bugun, 17-may kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisini 2024-yil 18-may kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Taʼkidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 2271-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi, “Ijro ishini yuritish yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun  hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Baholash faoliyati yana-da takomillashtirilishi munosabati  bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun  hujjatlariga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun  hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shuningdek, navbatdagi yalpi majlis kun tartibidan “Davlat mulkini ijaraga berish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2201-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunlar ham o‘rin olgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi hamda ularni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlarni ham muhokama qilish rejalashtirilmoqda.

Navbatdagi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktorining O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti hamda Vazirlar Mahkamasiga yaylovlar degradatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga hamda atrof muhitga salbiy taʼsiri yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga