30 sentyabr kuni O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Sardor Umrzakov boshchiligidagi delegatsiya Iordaniyada podshoh Abdulla II bilan uchrashdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar qildi.
Uchrashuvda Sardor Umrzakov podshoh Abdulla II ibn al-Husaynga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida hamkorlik aloqalarida yangi davr boshlanganini eʼtirof qildi.
O‘z navbatida podshoh Abdulla II ibn al-Husayn Iordaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlikni yuqori baholab, hamkorlikni davom ettirish va mavjud o‘sish imkoniyatlaridan, xususan, savdo, sarmoya, sog‘liqni saqlash, taʼlim va turizm sohalarida foydalanish zarurligini taʼkidladi.
Qirollik matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasining podshohlikka tashrifi Abdulla II‘ning avgust oyidagi O‘zbekistonga safari doirasida amalga oshirilgan.
Xabarda qayd etilishicha, uchrashuvda mintaqadagi, xususan, G‘azo, G‘arbiy Sohil va Quddusdagi so‘nggi voqealar ham muhokama qilingan.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari kun davomida podshohning din va madaniyat masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi, shahzoda Amir G‘oziy, vaqf islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad al-Halayala, Iordaniya bosh muftiysi Ahmad al-Hasanot hamda tashqi ishlar vaziri Ayman Safadiy bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Sardor Umurzakov Iordaniyaning bir qator tegishli rasmiylari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 100217 | Инструменты