Tashrif doirasida davlatimiz rahbari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etib, unda barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni amalga oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yaxshilash bo‘yicha global sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari Doha shahrida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan ham samarali muzokara o‘tkazdi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari, mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

Davlatimiz rahbari AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga jo‘nab ketdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Prezidentimiz AQSH Prezidenti Donald Tramp, Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari, AQSH vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSH bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSHning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110419 | Инструменты