Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasida 42 ta yangi quvvatlarni ishga tushirdi va 21 ta loyiha qurilishini boshlab berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor va Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, shuningdek, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari, “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni), “Aksa Enerji”, “Cengiz Enerji” (Turkiya), “Masdar” (BAA), “China Energy”, “Datang”, “Sinoma”, “Poly”, “CNTIC”, “Eagle Rise” (Xitoy), “EDF”, “Voltalia”, “TotalEnergies” (Fransiya), “Siemens Energy” (Germaniya) va “Nebras Power” (Qatar) vakillari ham qatnashdi.

Yangi obyektlar – qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta energiya ishlab chiqarish, saqlash quvvatlari va boshqa infratuzilma inshootlari – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan milliy energetika tarmog‘i salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyaning bir qismidir.

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga teng jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro elektrostansiyalari shular jumlasidan.

To‘liq quvvatga chiqqach, ular yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetadi. Ushbu quvvatlar O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanishiga xizmat qiladi.

Eng muhimi, toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Foydalanishga topshirilayotgan loyihalar orasida 1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham bor. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Qo‘shimcha ravishda ishga tushirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Yangi tashkil etilgan yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradigan “Angren Energo” hamda 155 ta gidro-agregat tayyorlab beradigan “Uzhydopower” korxonalari iqtisodiyotimizga muhim hissa qo‘shadi.

Davlatimiz rahbari marosimdagi nutqida ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

– Bugun jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz. Biz bu yo‘nalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Birinchisi – barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish. Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir, – dedi Prezidentimiz.

So‘nggi yillarda energetika tizimiga 35 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgani ta’kidlandi.

Natijada elektr ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetdi.

E’tiborli jihati, salkam 5 ming megavattli quyosh va shamol, 400 megavattli gidro elektr stansiyalari ishga tushirildi. Jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi bu yil 30 foizga yetkaziladi.

Bundan tashqari, xususiy sektor, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarida 2 ming megavattli kichik quyosh panellari o‘rnatildi. Ularda shu yilning o‘zida qo‘shimcha ravishda 2 milliard kilovatt-soatga yaqin muqobil energiya ishlab chiqarildi. Shuningdek, butun mamlakatimiz bo‘ylab 69 ming kilometr elektr tarmoqlari, 14 mingta transformator va yuqori kuchlanishli podstansiyalar yangilandi.

Sohadagi bunday o‘zgarishlar mahalliy korxonalar rivojiga ham katta turtki bermoqda. Ushbu korxonalar tomonidan yangi qurilayotgan elektr stansiyalari va tarmoqlariga yil boshidan buyon 700 million dollarlik qurilish materiallari, metall konstruksiyalar, kabel o‘tkazgichlar, elektr qurilmalari yetkazib berildi, loyihalash-injiniring va qurilish xizmatlari ko‘rsatildi.

Misol uchun, Norin kaskad gidro elektr stansiyasining 38 megavattli ilk gidro elektr stansiyasi to‘liq mahalliy mahsulotlardan foydalangan holda ishga tushirildi.

Davlatimiz  energetika sohasida erishilayotgan ulkan yutuq va marralarda investorlar va mamlakatimizning xalqaro sheriklarining beqiyos hissasi borligini qayd etdi.

O‘zbekiston yetakchisi kelgusi 5-yilda 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar hisobidan minglab sanoat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirib, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishini ma’lum qildi.

IT, sun’iy intellekt va “buyumlar interneti” kabi yangi yo‘nalishlardagi kompaniyalarga jozibador muhit yaratish uchun zamonaviy superkompyuter klasteri va data-markazlar sonini ko‘paytirish nazarda tutilgan.

Buning uchun ayni paytda Saudiya Arabistonining “DataVolt” kompaniyasi 3 milliard dollarlik investitsiya hisobiga 500 megavattli data-markaz qurish bo‘yicha loyihani amalga oshirishga kirishgan.

Bunday keng ko‘lamli ishlar elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojni kamida 1,5 barobarga oshiradi. Shu bois, Prezident yaqin kelajakdagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.

Birinchidan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030-yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Yangi quvvatlarni yagona energiya tizimiga bog‘lash uchun yuqori kuchlanishli 6 ming kilometr tarmoqlar tortiladi. Xususan, kelgusi yilning o‘zida 1 ming kilometr tarmoqlar o‘tkazilib, podstansiyalarda 6 ming megavatt qo‘shimcha quvvatlar yaratiladi.

Ikkinchidan, xorijiy sarmoyalarni davlat-xususiy sheriklik asosida jalb etishni kengaytirish. Joriy yildan xususiy sheriklik tamoyillari nafaqat elektr energiyasini ishlab chiqarish, balki uni iste’molchilarga yetkazib berishda ham qo‘llanmoqda.

Xususan, Turkiyaning “Aksa Elektrik” kompaniyasi bilan Samarqand hududiy elektr tarmoqlarini xususiy boshqaruvga berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ushbu kompaniya loyiha doirasida tarmoqni operatsion boshqaruvga olib, investitsiya kiritadi, tarmoqlarni modernizatsiya qiladi, yo‘qotishlarni bosqichma-bosqich 2 barobarga kamaytiradi. Natijada har yili o‘rtacha 20 million dollar tejaladi.

Shunday tajriba asosida kelgusi yilda Jizzax va Sirdaryo, 2027-yilda Namangan va Toshkent viloyatlari elektr tarmoqlari boshqaruvi ham investorlarga taklif etiladi.

Uchinchidan, aholining muqobil energiya manbalaridan foydalanishini faol qo‘llab-quvvatlash.

Yangi yilda 300 ta mahalla hududida aholi bilan kooperatsiya orqali 107  megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatiladi. Bu ijtimoiy loyiha 30 mingta kambag‘al oilani “yashil” energiya bilan ta’minlash imkonini beradi. Ular o‘z ehtiyojidan ortiqcha elektr energiyasini tarmoqqa uzatib, daromad topadi.

Mamlakatimiz tadbirkorlari bu yil 40 megavattli kichik va mikro GESlar qurdi. Natijada 120 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va ular qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lishdi.

Kelgusi yilda yana 65 megavattli kichik va mikro GESlar barpo etiladi. Ushbu loyihalar hisobiga 80 mingta xonadonda elektr ta’minoti tubdan yaxshilanadi.

To‘rtinchidan, yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida mamlakatimiz o‘z tashabbusi bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmasiga oldi: O‘zbekistonda 2035-yilgacha zararli gazlar emissiyasi 50 foizga qisqartirilishi maqsad qilindi.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “iCRAFT” loyihasi ishga tushirildi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosi yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash joiz, shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonamiz “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalar soni 100 taga yetkaziladi.

Beshinchidan, qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklikni mustahkamlash.

Mintaqa gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishiladi.

Davlatimiz rahbari Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil koridor” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

– Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta to‘liq barpo etamiz, – deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Prezidenti ramziy dastakni bosib, 42 ta energetika obyektining ishga tushirilishi hamda navbatdagi 21 tasining qurilishi boshlanishiga start berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120520 | Инструменты