Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirgʻiz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayevni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlatimiz rahbariga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomini yetkazdi.
Oʻzbekiston bilan Qirgʻiziston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, shu jumladan, energetika sohasida yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Ikki tomonlama munosabatlar yuqori surʼatda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 17 foizga oshib, yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Energetika sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Elektr energiyasi barqaror yetkazib berilmoqda va tranzit qilinmoqda, “yashil” energetikada istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekiston yetakchisi suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy ahamiyatga molik qoʻshma loyihalarni, eng avvalo, “Qambar-ota GES-1”ni qurish loyihasini samarali ilgari surish muhim ekanini taʼkidladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120520 | Инструменты