Huawei 1
O‘zbekiston prezidenti YUNISEF bilan sermahsul sheriklikni yuksak baholadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-may kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ijrochi direktori Ketrin Rasselni qabul qildi.

BMT tizimidagi ushbu yetakchi ixtisoslashgan institut bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida YUNISEF rahbari O‘zbekiston yetakchisiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning samimiy salomini yetkazdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga yuqori baho berilib, bolalar huquqlarini ta’minlash va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi milliy dastur qo‘llab-quvvatlandi.

O‘zbekiston va YUNISEF o‘rtasidagi hamkorlik keyingi yillarda yuksak darajaga chiqqani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashkilot ko‘magida mamlakatimizda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha qonun, aholini ijtimoiy himoya qilish va bolalar onkologiyasiga qarshi kurashish sohasida strategik hujjatlar qabul qilindi. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksinatsiya tizimini rivojlantirishga ko‘maklashildi.

Qonunchilikni takomillashtirish, bolalarni parvarish qilish va qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, ijtimoiy xizmat va kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash, milliy standartlarni ishlab chiqish, ijtimoiy sug‘urtani kengaytirish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi Mamlakat dasturini qabul qilish, shuningdek, bolalar huquqlarini himoya qilish va manfaatlarini ilgari surish masalalari bo‘yicha qator xalqaro tadbirlarni birgalikda o‘tkazishga kelishib olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52903 | Инструменты