O‘zbekiston Prezidenti Yevropa ishbilarmonlarini o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Vandewiele”, “Linde”, “Rhenus Logistics”, “Ahlers Logistics”, “Lasselsberger Group”, “Pietro Fiorentini”, “NextChem”, “Meridiam”, “SUEZ”, “FMO”, “European Investment Bank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Textima”, “Chimcomplex”, “Metso” hamda boshqa kompaniya va korporatsiyalarning rahbariyati ishtirok etdi.

Davlat rahbari tadbirda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirok etayotgani yuksak o‘zaro ishonch va uzoq muddatli sheriklikka intilishning ifodasi ekanini alohida ta’kidladi.

Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi O‘zbekiston va YEI o‘rtasidagi munosabatlarda yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.

Keyingi yetti yilda tovar ayirboshlash ikki barobar ko‘paydi, Yevropa sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni mingdan oshdi. Bu ko‘rsatkichlar investorlarning O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

 Yevropalik hamkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va tubdan isloh qilish, ilg‘or texnologiyalar, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda innovatsion ishlab chiqarishni rivojlantirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz inson kapitalini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Yangi oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, xorijiy universitetlarning filiallari ochildi, yevropalik hamkorlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning to‘rtta muhim yo‘nalishini ko‘rsatib o‘tdi.

O‘zbekiston strategik xomashyo va minerallarni o‘zlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor.

“Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham hamkorlik uchun istiqbolli yo‘nalishlardir. Mamlakatimiz qayta tiklanadigan energetikani faol joriy etmoqda, energetika tizimini modernizatsiya qilmoqda. Yevropalik hamkorlarga “yashil” energetika, energiya tejash va ekologik kimyo loyihalarida ishtirok etish taklif qilindi.

Infratuzilma va logistikani rivojlantirish ham ustuvor ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va aeroportlarni o‘z ichiga olgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. Mamlakatimiz tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlarini barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor.

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratildi.

Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston IT-Parklar va startap inkubatorlarini rivojlantirmoqda hamda Yevropa kompaniyalari bilan sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.

Davra suhbati ishtirokchilari, o‘z navbatida, mamlakatimizda investitsiyalar uchun yaratilgan shaffof va barqaror sharoitlarni yuqori baholadilar hamda yurtimizda yangi qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102419 | Инструменты