Yil yakunida YAIM real oʻsishi 7-7,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda

Joriy yilning uchinchi choragida ham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etdi. Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari taʼminlanishi, oʻtgan yildagi inflyatsiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi taʼsiri sentyabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi.

Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bogʻliq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

2025-yil sentyabr oyida umumiy inflyatsiya darajasi 0,8 foiz bandga pasayib, yillik 8 foizga teng boʻldi. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qoʻshdi. Xizmatlar inflyatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar taʼsirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Qatʼiy pul-kredit sharoitlari hisobiga talab omillarining biroz maqbullashishi hamda almashuv kursi mustahkamlanishi taʼsirida bazaviy inflyatsiya pasayuvchi dinamikaga oʻtdi va sentyabrda yillik 7 foizgacha sekinlashdi. Jumladan, soʻmning mustahkamlanishi import inflyatsiyasining sekinlashishiga xizmat qilib, nooziq-ovqat tovarlari narxlarining maʼlum darajada barqarorlashuviga yordam bermoqda.

Soʻnggi oylarda isteʼmol savatida narxlari oʻsishi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan sekinlashgan tovar va xizmatlarning ulushi oshib bormoqda hamda narxlar barqarorlashuvi keng qamrovli xususiyatga ega boʻla boshlaganini koʻrsatmoqda.

Sentyabr oyida aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etdi, biroq ular joriy va prognoz inflyatsiya surʼatlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, joriy yil yakuniga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi va 8 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.

Joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YAIM real oʻsishi 7-7,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Aholi real daromadlari oshishi va chakana kreditlash faolligi xarid qobiliyatini qoʻllab-quvvatlamoqda va isteʼmol talabini oshirmoqda. Bu, oʻz navbatida, kelgusida iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarni saqlanib qolishiga xizmat qilishi mumkin.

Shu bilan birga, energiya narxlari erkinlashtirilishining kelgusi oylarda inflyatsiyaga ikkilamchi taʼsirlari namoyon boʻlishi hamda ayrim tovarlar taklifi bilan bogʻliq xatarlar yuzaga kelishi ehtimollari saqlanib qolmoqda.

Ushbu sharoitda inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini barqaror davom etishini taʼminlash pul-kredit sharoitlarini joriy nisbatan qatʼiy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Nisbatan qatʼiy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotda jamgʻarish jozibadorligini saqlab qolib, kreditlash surʼatlarini maqbullashtirish va pul bozorida resurslar narxlarini mutanosib shakllantirish orqali yalpi talabni muvozanatlashtirishga xizmat qiladi hamda inflyatsiyaga monetar omillarning taʼsirini kamaytiradi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz yillik 14 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Markaziy bank tomonidan oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik targetigacha pasayishiga erishish maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025-yil 11-dekabr kuniga belgilangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102414 | Инструменты