Fitosanitariya talablari yengillashtirilmoqda

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini olish talab etilmaydigan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda eksport qiluvchi xorijiy mamlakatlarning fitosanitariya sertifikatini yoki guvohnomasini talab etish bekor qilinmoqda.

Shu bilan birga qonunda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan karantin ostidagi mahsulotning har bir turkumiga alohida-alohida beriladigan karantin ruxsatnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda, xorijiy mamlakatlardan karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishga yo‘l qo‘yilishi mustahkamlanmoqda.

Qonunga kiritilayotgan ushbu qo‘shimcha va o‘zgartirish o‘simliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablarini yengillashtiradi.

Senatorlarning taʼkidlashicha, ushbu yangiliklar ichki bozorlarda asosiy turdagi mahsulotlar narxining barqarorligini taʼminlashga, import hisobidan qoplanadigan aholining isteʼmol talabi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni olib kirishda tadbirkorlik subyektlariga imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72405 | Инструменты