Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik ortidan O‘zbekiston fuqarolari Turkmaniston orqali Erondan evakuatsiya qilindi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazilrigi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yaqin Sharqda yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq ravishda Turkmaniston tomonidan xorijiy diplomatlar va ularning oila aʼzolari, shuningdek hozirda Eron hududida bo‘lgan boshqa fuqarolarning chiqib ketishi uchun o‘z hududini taqdim etish bo‘yicha zudlik bilan choralar ko‘rilmoqda.
Bugungi kunga qadar Turkmaniston davlat chegarasini nazorat-o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa davlatlar fuqarolaridan iborat taxminan 120 kishi kesib o‘tgan.
Ularga avtotransport, ovqat, mehmonxona xizmati va zarur birinchi ehtiyoj vositalari taqdim etilgan.
“Gumanitar missiyani amalga oshirish doirasida Turkmanistonning tegishli davlat organlari xorijiy davlatlarning diplomatik missiyalari va xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Shu munosabat bilan Turkmaniston BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu davlat tashabbusi bilan eʼlon qilingan Xalqaro tinchlik va ishonch yili doirasida insonparvarlik, xalqaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini amalda tasdiqlamoqda”, deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 70913 | Инструменты