Chernogoriya o‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik vizasiz rejimni bekor qildi

Chernogoriya O‘zbekiston va boshqa davlatlar fuqarolari uchun vizasiz rejimni bekor qildi. Bu haqda 9-oktabr kuni mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

98-sessiyada bosh vazir Miloyko Spayich boshchiligidagi Vazirlar Mahkamasi Armaniston, O‘zbekiston va Misr fuqarolarini vizalardan vaqtincha ozod qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarni o‘zgartirdi.

Chernogoriya hukumati bayonotida aytilishicha, bu o‘zgarishlar milliy viza siyosatini Yevropa Ittifoqi siyosati bilan uyg‘unlashtirishga, shuningdek, 2024−2027-yillarga mo‘ljallangan islohotlar dasturi va YIga a’zolik bo‘yicha 24-bobning yakuniy mezonlari talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Bugungi tuzatishlar yuqorida tilga olingan mamlakatlar fuqarolari uchun viza talablaridan vaqtincha ozod qilish to‘g‘risidagi avvalgi qarorlarning amal qilishini to‘xtatadi. Shu bilan Chernogoriyaning Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zo bo‘lishga qat’iy sodiqligini aniq ifodalaydi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Chernogoriya bilan vizasiz rejim turistik mavsum davrida — 15-iyundan 30-avgustgacha amal qilishini bildirdi. Bu davrda o‘zbekistonliklar mamlakatga turistik vaucher orqali tashrif buyurishlari mumkin. Qolgan vaqtlarda esa Moskvadagi Chernogoriya elchixonasi orqali viza rasmiylashtirish kerak.

Biroq vazirlik Chernogoriya tomonidan o‘zbekistonliklar uchun vaqtinchalik vizasiz rejim bekor qilingani haqida hozircha ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101421 | Инструменты