Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan olib borilayotgan monitoring natijasida paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 8 nafar mansabdor jazolandi, deb xabar bermoqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati. Ularga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi (Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash — BHMning 50 dan 100 baravarigacha jarima bilan jazolanadi) bilan chora ko‘rildi.
Chora ko‘rilgan mansabdorlar orasida Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Nigora Jumayeva ham bor. Uning oila va xotin qizlar faollariga paxta terimiga terimchilarni jalb qilish topshirig‘idan iborat audioyozuvlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Bundan tashqari, mavsum davomida hozirga qadar umumiy hisobda 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Mehnat qonunchiligini buzgan mansabdor shaxslarga Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-modda 1-qismi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish — BHMning 5 dan 10 baravarigacha jarima bilan jazolanadi) bilan maʼmuriy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, 1400 nafardan ortiq terimchilar bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzilishida yordam ko‘rsatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101416 | Инструменты