Senat axborot xizmati xabar berishicha , Senatning 11-yalpi majlisida “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.  

Ma’lum qilinishicha, qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limiga (qismiga) amal qilinmagan holda qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan ruxsatnoma berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, hujjatda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi idoralar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, xamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilyapti.

Qonun bilan quyidagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya vakolatiga o‘tkazilmoqda:

ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish;
vasiylik huquqini suiiste’mol qilish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liq lisenziyalash to‘g‘risidagi qonunchilikni va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish.
Muhim o‘zgarishlardan yana biri Ijtimoiy himoya yagona reyestriga yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga ko‘rsatiladigan homiylik bilan bog‘liq. Shunday oilalar a’zolariga homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalari uchun soliq solinmasligi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undirilishi mustahkamlanmoqda. Bu tartib qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan homiylik tashkilotlariga tegishli.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110120 | Инструменты