Asadulla Qayumov O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasi aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda tashkilot matbuot xizmati.
2019 yildan buyon mazkur lavozimda faoliyat yuritib kelgan Ziyoviddin Badriddinov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori bo‘ldi.
Asadulla Qayumov 1984 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 2007 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, 2013 yil Yaponiyaning Veseda universitetini tamomlagan.
U faoliyatini 2007 yilda Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasida yetakchi mutaxassis lavozimidan boshlagan va bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarilib 2010 yilga qadar faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Qayumov 2010−2011 yillarda qo‘mitada bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari, 2013−2017 yillarda Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i, 2017−2019 yillarda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Iqtisodiy tahlil va ishlab chiqarishni prognozlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, bosh boshqarma boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
Qolaversa, u 2019−2022 yillarda Prezident administratsiyasida qator shuʼbalar bosh inspektori lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Asadulla Qayumov 2022 yildan shu paytga qadar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lib kelayotgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51101 | Инструменты