Saneg kompaniyasining aviayoqilg‘i tarqatish uchun tashkil etilgan sho‘ba korxonasi Saneg JetWhites 2025-yil aprelidan boshlab olib borilgan faoliyatini sarhisob qildi va O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya yoqilg‘isi bozoridagi o‘z ishtirokining asosiy natijalarini e’lon etdi.
Saneg JetWhites Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) mahsulotlarini, xususan TC-1 aviatsiya yoqilg‘isi, Jet A-1 aviatsiya yoqilg‘isi hamda Jet A-1 SSF rusumli aviakerosinni sotishni amalga oshirmoqda.
Farg‘ona NQIZ aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarishni izchil rivojlantirib, texnologik imkoniyatlarni kengaytirmoqda va asosan mahalliy resurs bazasiga tayanib keladi. 2024-yilda Jet A-1 aviayoqilg‘isining sanoat ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu aviayoqilg‘i ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
2024-2025-yillarda FNQIZda 80 ming tonnadan ziyod Jet A-1 yoqilg‘isi ishlab chiqarildi, bunda xomashyo tarkibining 80-90 foizi mahalliy resurslar hisobidan ta’minlandi. Bu esa ishlab chiqarish modelining barqarorligini ta’minlab, import xomashyoga qaramlikni kamaytirdi.
2025-yilda FNQIZ quvvatlarida Uzbekistan GTL sintetik komponentli Jet A-1 yoqilg‘isi ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi alohida ahamiyatga ega hodisaga aylandi. Bu kompaniyaning zamonaviy texnologik yechimlarni joriy etish va mahsulot turlarini ko‘paytirishga bo‘lgan intilishini aks ettiradi.
2025-yilda Saneg JetWhites FNQIZda ishlab chiqarilgan va import qilingan 63,9 ming tonna aviayoqilg‘ini sotdi. Aviayoqilg‘i Lufthansa, Turkish Airlines va Qatar Airways kabi yetakchi xalqaro aviakompaniyalar, shuningdek, mintaqaviy va milliy aviatashuv operatorlari kabi keng doiradagi mijozlarga yetkazib berildi.
2026-yilda FNQIZda aviakerosin ishlab chiqarish hajmi mahalliy xomashyoni qayta ishlash hisobiga avvalgi yillar darajasida saqlanib qolishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Saneg JetWhites aviayoqilg‘i sotish hajmini 160-170 ming tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bunga aviakerosin importi hamda sintetik komponentli yoqilg‘i ishlab chiqarish va yetkazib berishni ko‘paytirish orqali erishiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11518 | Инструменты