Huawei 1
O'zbekistonda marmar mol go'shti 2022 yilda to'liq mahalliylashtiriladi

Joriy yilning oktyabr oyida Jizzax Organic milliy klasteri Rossiya va AQShdan 5 ming bosh yuqori zotli qoramolni O'zbekistonga olib keladi. Anguss va gereford zotli g'unajinlar importi O'zbekistonda sanoat usulida marmar mol go'shti ishlab chiqarilishini boshlab beradi.

Jizzaxdagi klaster O'zbekistonda to'liq siklli ishlab chiqarishga ega birinchi kompaniyaga aylanadi. Hozirgi kunda bozordagi talab import qilingan narxi qimmat go'sht hisobiga qondirilmoqda.

Ushbu loyiha bo'yicha umumiy investitsiyalar hajmi 55 mln. AQSH dollarini tashkil qiladi. Shundan 18 mln. AQSH dollari ona sigirlar galasini sotib olishga yo'naltiriladi.

«Marmar mol go'shti olish uchun novvoslar va sigirlarni yetishtirish jarayoni texnologiyalarga qat'iy rioya qilingan holda olib borilishi zarur. Mazkur yilning oktyabr oyida olib kelingan g'unajinlar 2-5 oydan so'ng nasl beradi. Buzoqlar 8 oygacha onasining yonida bo'lib, ona suti bilan birga maksimal vazn to'plash uchun kerakli minerallar va vitaminlar bilan oziqlanadi, shundan keyin yana 8 oydan 16 oygacha don va makkajo'xori bilan bo'rdoqiga boqiladi va natijada go'sht kerakli marmarlik koeffitsiyentiga erishadi. Shu tarzda, 2022 yilda O'zbekiston Respublikasi hududida yetishtirilgan qoramoldan birinchi marmar go'sht olinadi», — dedi, Jizzax Organic direktori Hikmatilla Karimov.

2020 yil oktyabr oyigacha Jizzax Organic novvoslarni bo'rdoqiga boqish maydoni (fidlot) va ikkita qishki g'unajinlar turargohi qurilishini yakunlaydi. Ob'ektlarni loyihalashtirish ishlari Avstraliyaning Thompson Longhorn kompaniyasi tomonidan bajarildi. Fidlot va qishki turargohlarda hayvonlarni qulay o'stirish uchun barcha shart-sharoitlar: sug'orish uchun suvni isitish va me'yorlashtirib uzatish mexanizmlariga ega artezian quduqlari, yem-xashak stollari, avtomatik oziqlantirish tizimlari, shamoldan himoyalash, quyoshdan himoyalash vositalari va boshqa ko'plab uskunalar nazarda tutilgan.

Jizzax Organic direktori Xikmatilla Karimov: «Fidlot 20 ming bosh qoramol boqishga mo'ljallangan. Uni to'liq quvvatda yuklash uchun, Jizzax Organic fermerlarga mo'ljallangan dasturni ishga tushirmoqda. Fermer xo'jaliklari yuqori zotli g'unajinlarni sotib olib, nasl berishini kutib, 8 oydan so'ng novvoslarni klasterimizga adolatli narxda sotishi mumkin. Sotib olingan buzoqlarni biz marmar go'sht olishga mo'ljallangan maxsus texnologiya asosida bo'rdoqiga boqishni davom ettiramiz. Dastur O'zbekistonda zotli qoramol sonini ko'paytirishga yordam berishiga ishonchimiz komil», — deya, tafsilotlar bilan bo'lishdi.

Eslatib o'tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev o'tgan yilning noyabr oyidagi videoselektor majlisida O'zbekistonda qoramol zotini yaxshilash zaruratini ta'kidlab o'tgan edi.

Ma'lumot uchun

«Jizzax organic» MCHJ XK Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 iyuldagi 619-son Qaroriga muvofiq O'zbekiston Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni bajarish uchun tashkil etilgan. Korxonaning ishi O'zbekistonning qishloq xo'jaligi sektorini rivojlantirishga yo'naltirilgan. «Jizzax organic» MCHJ XK chorvachilik, o'simlikshunoslik va seleksiya-genetika ishlari bilan shug'ullanadi. Jizzax qishloq xo'jaligi klasteriga investitsiyalar summasi 150 mln AQSH dollarini tashkil etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72110 | Инструменты