Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Savdo-sanoat palatasining ochiq muloqotida tadbirkor Murad Nazarov tomonidan daraxt kesishga joriy etilgan moratoriy o‘rniga kompensatsion ekish va “daraxtlar banki” tizimini joriy etish taklifi bilan tanishdi.
Vazirlik quyidagilarni alohida ta’kidlash zarur deb hisoblaydi:
O‘zbekiston dengiz va okeanlarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mamlakat sifatida, kislorod manbalari va karbonat angidridni yutish imkoniyatidan mahrum. Shu bilan birga, hududning 60% dan ortig‘i cho‘l va yarim cho‘llardan iborat bo‘lib, iqlim o‘zgarishlariga nisbatan juda zaif hisoblanadi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim isishi global o‘rtacha ko‘rsatkichlardan ikki baravar tezroq ketmoqda. So‘nggi 30 yilda mintaqada harorat 1,5°C ga ko‘tarilgan bo‘lsa, bu global o‘rtacha 0,7°C ga teng.
Shunday sharoitda yashil hududlar ekologik muvozanatni saqlashda hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, daraxt kesishga qarshi moratoriy aynan shu maqsadni ko‘zlagan.
Rivojlangan davlatlar tajribasi daraxt kesishga qat’iy cheklovlar atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror shaharlashuvning samarali vositasi ekanini ko‘rsatmoqda:
· Germaniyada nafaqat o‘rmonlar, balki shahar daraxtlari ham qonun bilan muhofaza qilingan. Jamoat joylaridagi noqonuniy kesilgan har bir daraxt uchun 50 000 yevrogacha jarima belgilanadi. Bunday holatlarda kompensatsion choralar qat’iy nazorat ostida bo‘ladi.
· Buyuk Britaniyada Tree Preservation Order (TPO) buzilishi uchun 20 000 funtgacha jarima yoki cheklanmagan jarima va ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. 2023-yilda mashhur Sycamore Gap daraxtini kesgan shaxs 4 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan.
· Qozog‘istonda Jinoyat kodeksining 340-moddasiga ko‘ra, noqonuniy daraxt kesish oylik hisoblash ko‘rsatkichining 160 baravari (taxminan 1 181 AQSh dollari) miqdorida jarima yoki 40 kungacha hibs jazosi bilan jazolanadi. Mulk musodara qilinishi ham mumkin.
· Rossiyada Jinoyat kodeksining 260-moddasi asosida 1 million rublgacha (12 770 AQSh dollari) jarima yoki 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi mavjud. Shuningdek, texnika musodara qilinishi va zarar kompensatsiyasi ham talab qilinadi.
Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, hattoki iqlimi qulayroq davlatlarda ham daraxtlarni muhofaza qilish bo‘yicha qattiq chora-tadbirlar mavjud.
Taqqoslash uchun, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 79-moddasida fuqaro uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 25–50 baravari (738–1470 AQSh dollari), mansabdor shaxs uchun esa BHMning 50–75 baravari (1470–2210 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangani qayd etilgan. Shuning uchun moratoriyani saqlash va kuchaytirish ekologik barqarorlikning muhim chorasi sifatida ko‘rilmoqda.
Taklif qilinayotgan kompensatsion ekishlar va “daraxtlar banki” mavjud moratoriyga quyidagi sabablar tufayli to‘liq alternativ bo‘la olmaydi:
1.Voyaga yetgan daraxtni hech qanday ko‘chat to‘liq almashtira olmaydi — na CO₂ yutish hajmi, na mikroiqlimga ta’siri, na biologik xilma-xillik bo‘yicha. Yevropa atrof-muhit agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bitta daraxt yiliga 21 kg CO₂ ni yutadi. Birorta ham ko‘chat bu funksiyani o‘n yillab yillar davomida bajara olmaydi.
2.“Daraxtlar banki” amaliyoti sun’iy ravishda korrupsiya va spekulyatsiyalarni yuzaga keltirishi mumkin. Human Rights Watch’ning "Wild Money" tadqiqotiga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompensatsion ekinlar noqonuniy daraxt kesishni yashirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekistonda esa kompensatsion ekinlar — mavjud ma’muriy yoki jinoiy javobgarliklarga qo‘shimcha choradir, lekin muqobil emas.
Afsuski, ayrim qurilish sohasi vakillari ekologik qonunchilikni chetlab o‘tish uchun kinoya bilan aytganda “ijodkorona” yondashuvlarni qo‘llamoqda.
Masalan, daraxtlarni sun’iy quritish orqali keyin ularni qonuniy tarzda kesishga urinish — bunday amaliyotlarning yaqqol misolidir.
Bunday yondashuvlar ekologik normalarni zaiflashtirish emas, balki ijobiy maqsadlarda — barqarorlikka hissa qo‘shishda qo‘llanilsa, ancha maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Ekologiya vazirligi yangi ekologik tahdidlarga nisbatan teng ta’sir qaytarishga intilayotganini va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha harakat qilayotganini ta’kidlaydi.
2024-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilib, yashil hududlarni yo‘q qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining saylovoldi dasturida daraxt kesishga cheklanmagan muddatda moratoriy joriy etilishi ta’kidlangan. Prezident Farmonlarida, ayniqsa, qurilish jarayonida yashil hududlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
2023-yil 23-noyabrdagi 199-sonli Farmonga binoan, qurilayotgan binolar atrofiga ajratilgan yer maydonining kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirish uchun ajratilmagan bo‘lsa va zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmagan bo‘lsa, Davlat qabul komissiyasi tomonidan bu obyektlar foydalanishga qabul qilinmaydi.
Mavjud moratoriyani qayta ko‘rib chiqishga urinish, ayniqsa, kompaniyalar o‘z faoliyatiga ESG tamoyillarini joriy etishga intilayotgan, shuningdek, mamlakatda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil’ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan bir paytda, afsus bilan qarshi olinadi.
O‘z chiqishida janob Nazarov har qanday yo‘l bilan daraxt kesish bo‘yicha turli “usullar” qo‘llanilayotganini tilga oldi. Shu munosabat bilan, Vazirlik uning daraxt kesishda qo‘llayotgan yondashuvlarini atroflicha tekshirish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan to‘liq taftish o‘tkazilishi zarur, deb hisoblaydi. Ushbu o‘rganish natijalari uning oldingi faoliyati yuzasidan tegishli xulosalar chiqarish imkonini beradi, deb umid qilamiz.
Jahon amaliyoti shundan dalolat beradiki, barqaror qurilish yashil maydonlarni yo‘q qilib, keyin kompensatsiya qilishga emas, aksincha, ularni saqlashga asoslanadi. Vazirlik konstruktiv muloqotga tayyor, lekin davlat ekologik siyosatining prinsipial asoslarini qayta ko‘rib chiqishga emas.
Alpha version: 0.9.1.19 build 72002 | Инструменты