Huawei 1
Maktab bitiruvchilariga kasb-hunar ta’limi to‘g‘risida sertifikat beriladi

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining qo‘shma buyrug‘i (14.07.2025 y. AV ro‘yxat raqami 3647-son) bilan Umumiy o‘rta taʼlim muassasalari bitiruvchilarini o‘rgangan kasb-hunari bo‘yicha amaliy imtihondan o‘tkazish va ularga elektron sertifikat berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Kasb-hunar taʼlimi yo‘nalishi bo‘yicha amaliy imtihonni o‘tkazish sanasi va vaqti maktab pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi va hududiy kasb-hunarga o‘qitish markaziga rasman xabar qilinadi, shuningdek, imtihon boshlanishidan kamida 15 kun oldin maktabda eʼlon qilinadi.

Amaliy imtihonni o‘tkazish uchun maktab direktorining buyrug‘i bilan kamida 5 kishidan iborat tarkibda komissiya tuziladi. Har bir kasb turi bo‘yicha baholash mezonlari va imtihon savollari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Amaliy imtihon 10-11-sinf o‘quvchilari tomonidan o‘rganiladigan kasb-hunar taʼlimi o‘quv dasturi asosida o‘tkaziladi. Imtihonda amaliy topshiriqni bajarish uchun har bir kasbning murakkabligi va xususiyatidan kelib chiqqan holda 120 daqiqagacha vaqt ajratiladi.

 Komissiya aʼzolari natijalarni 100 ballik tizimda baholaydilar:

  • 86-100  –  “aʼlo”;

  • 72-85  –  “yaxshi”;

  • 56-71 – “qoniqarli”;

  • 0-55  –  “qoniqarsiz”.

56 va undan yuqori ball to‘plagan bitiruvchi amaliy imtihonni topshirgan hisoblanadi.

O‘quv yili davomida kasb-hunar taʼlimi bitiruvchisining choraklik baholari va amaliy imtihon natijalari (25 iyunga qadar) elektron platformaga kiritiladi. Shundan so‘ng pedagogik kengash sertifikat berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Bitiruvchilarga sertifikat har yili 30 iyungacha, amaliy imtihonni takroran topshirgan bitiruvchilarga esa 10 iyulga qadar beriladi. Bitiruvchilar sertifikatni elektron platforma orqali bepul yuklab olishlari mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72002 | Инструменты