Huawei 1
O‘zbekiston Rossiya bilan JSTga a’zolik yo‘lidagi “hal etilmagan masalalar”ni muhokama qildi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya Moskvada bo‘lib, Rossiya hukumati bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zolik borasida muzokara o‘tkazdi.

Bosh muzokarachi Azizbek Urunovning ma’lum qilishicha, Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri Maksim Reshetnikov bilan kechgan muzokaralarda ikki tomonlama bozorga kirish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” ko‘rib chiqilgan.

“Muzokaralar foydali, mazmunli va konstruktiv o‘tdi. Ayni paytda ikkala tomon ham oldinga siljishga intilmoqda. Qisqa vaqt ichida taqdim etgan fayllarimizga tezkor reaksiya qilganliklari uchun rossiyalik hamkasblarga minnatdorchilik bildiraman”, – deya yozdi Urunov 14 mart kuni LinkedIn'dagi sahifasida.

Foto: Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi

Rossiya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazir Reshetnikov bu uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston prezidentlari o‘rtasidagi kelishuvlar asosida “Rossiya gazi, nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish oshib borayotgani”ni qayd etgan.

“Bu kontekstda O‘zbekiston energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga oid rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi”, – deyiladi 12 mart kungi xabarda.

Reshetnikovning qo‘shimcha qilishicha, ikki o‘rtada oziq-ovqat mahsulotlari savdosida o‘sish kuzatilgan va bu borada deyarli paritet kuzatilmoqda: O‘zbekiston Rossiyadan 1 mlrd dollarlik, Rossiya ham O‘zbekistondan salkam 1 mlrd dollarlik oziq-ovqatlar import qilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 43005 | Инструменты