Huawei 2
Klasterlar uyushmasi va To‘qimachilik uyushmasini birlashtirib, yagona “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimini yaratish taklif qilindi

Prezident raisligida to‘qimachilik sohasida eksport va investitsiya hajmlarini oshirish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Jumladan, mutasaddilarga:

- “A” reytingi bor tadbirkorlarga ham ikki yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bo‘yicha bir kunda xulosa berish tizimini yo‘lga qo‘yish;

- xorijdagi “erkin zonalar”ning omborlarini ijaraga olish, bo‘yalgan mato eksport qilgan korxonalarga xorijiy valyutada kredit ajratish tizimini joriy qilish;

- tadbirkorlar reytingida “A” toifadagi eksportchi korxonalarga akkreditivni garovga olish va uni 70 foizi miqdorida aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish tizimini yo‘lga qo‘yish;

- to‘qimachilik korxonalariga obyektlarni o‘z kuchi bilan qurishga ruxsat berish;

- gazlama, bo‘yash-pardozlash, tayyor tikuv-trikotajdagi 10 million dollargacha bo‘lgan loyihalar uchun chet el valyutasida olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foizdan yuqori qismini kompensatsiya qilish;

- to‘qimachilik korxonalari aylanmasi uchun berilgan kreditlarning qaytarish muddatini uzaytirib, tadbirkorlarga grafik bo‘yicha o‘z vaqtida qaytarilgan summaga teng miqdorda “revolver” kredit berish;

- poytaxt va viloyat markazlaridagi yirik savdo komplekslarida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” nomi ostida milliy mahsulotlar do‘konlarini tashkil qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish topshirildi.

Yig‘ilishda To‘qimachilik uyushmasi faoliyatini ham faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Klasterlar uyushmasi va To‘qimachilik uyushmasini birlashtirib, yagona “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tizimini yaratish taklif qilindi.

Sohadagi muammolarni tadbirkordan yaxshi biladigan odam yo‘qligi bois, uyushmani to‘qimachilikning har bir yo‘nalishidagi tadbirkorlardan iborat kengash boshqaradi.

Uyushma klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga mahsulot, investitsiya, eksport va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ko‘maklashishi, brendlar bilan ishlashning yaxlit tizimini yo‘lga qo‘yishi, xalqaro sertifikatlarga ega eksportchilar sonini oshirishi, yetakchi sorsing, brend va riteylerlarni jalb qilishi, Yevropa davlatlarida keng qamrovli targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazishi muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, klasterlarda ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida ularda tadqiqot (R&D) guruhlarini tashkil etish taklif etildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tadbirkorlarning fikrlari va mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga