O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi va “Franklin Templeton Asset Management” MCHJ XK o‘rtasida investitsiya aktivlarini boshqarish bo‘yicha ishonchli boshqaruv shartnomasi imzolandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu shartnoma O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash va xalqaro investorlarni jalb etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ma'lumot o'rnida, O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi – Prezidentning 2024-yil 27-avgustdagi PQ-303-sonli qaroriga asosan 2024-yilning 24-dekabrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, uning kapitali davlatga tegishli 18 ta korxona va tijorat banklarining 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan aksiya paketlarini o‘tkazish evaziga shakllanadi. Jamg‘armaning yagona ta’sischisi – O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Franklin Templeton Singapurdagi “Franklin Templeton Capital Holdings Private Limited” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. O‘z navbatida, ushbu kompaniya dunyodagi eng yirik professional aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida 1947-yilda tashkil topgan va bugungi kunda 30 tadan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan “Franklin Templeton Investments, Inc.” sho‘ba korxonasi hisoblanadi.
Shartnomaga ko‘ra, Franklin Templeton Jamg‘armaga tegishli bo‘lgan 18 ta davlat korxonasi va tijorat banklari aksiyalaridan iborat investitsion portfelni boshqarib, ularning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlarini amalga oshiradi. Mazkur transformatsiya dasturlari amalga oshirilgandan so‘ng Jamg‘arma hamda uning boshqaruvidagi korxonalar va banklar aksiyalari mahalliy va xalqaro fond birjalariga olib chiqiladi.
Buning uchun, Franklin Templeton tomonidan Jamg‘armaga tegishli davlat korxonalari va tijorat banklari strategiyalarini qayta ko‘rib chiqish, ularda korporativ boshqaruv tizimi, moliyaviy samaradorligi, ichki audit va risklarni boshqarish tizimini jahon standartlariga moslashtirish, xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan transformatsiya dasturlari amalga oshiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52723 | Инструменты