9 oyda xalqaro pul oʻtkazmalari orqali Oʻzbekistonga 15,2 mlrd dollar kelib tushgan, 2 mlrd dollar chiqib ketdi

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida xalqaro pul oʻtkazmalari orqali Oʻzbekistonga 15,2 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgan boʻlsa, 2 mlrd dollar chiqib ketdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

Qayd etilishicha, hisobot davrida Oʻzbekistonda xorijiy valyutaga boʻlgan talab 50,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2025 yilning mos davriga nisbatan 17,9 foizga oshgan. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifi (Markaziy bank operatsiyalarin hisobga olmagan holda) 43,8 mlrd dollarni tashkil etib, 2025 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 25,3 foizga oʻsgan. Shuningdek, mazkur davrda yuridik shaxslar tomonidan xorijiy valyutaga talab 2025 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 15,3 foizga, xorijiy valyuta taklifi hajmi 26,7 foizga oshgan.

Shu bilan birga, eksport tushumlarining 9,5 mlrd dollari yoki 57,2 foizi ichki valyuta bozorida sotilgan (2025 yilning yanvar-sentabr oylariga nisbatan 33 foiz yoki qariyb 2,4 mlrd dollarga koʻp). Aholi tomonidan tijorat banklariga 18,9 mlrd dollar sotilib, ushbu koʻrsatkich 2025 yilning 9 oylik yakunlariga nisbatan 1,2 barobarga oshgan (2025 yil yanvar-sentyabr – 15,3 mlrd dollar).

2026 yilning yanvar-sentyabr oylarida xalqaro pul oʻtkazmalari orqali Oʻzbekistonga 15,2 mlrd dollar miqdorida valyuta mablagʻlari kelib tushgan boʻlsa, 2 mlrd dollar mablagʻ chiqib ketgan hamda 13,2 mlrd dollarlik ijobiy saldo yuzaga kelgan.

Joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida milliy valyuta ayirboshlash kursi 1 AQSH dollari uchun 11 765 – 12 320 soʻm diapazonida tebrangan va sentyabr oyi yakunida 11 821 soʻmni tashkil etgan holda, yil boshiga nisbatan 1,5 foizga qadri oshgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110312 | Инструменты