Huawei 1
Xitoy AQSH bilan boj masalasidagi muzokaralarga rozi bo‘ldi

Xitoy AQSH bilan import bojlari yuzasidan muzokaralar o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Davlat kengashi raisining o‘rinbosari Xe Lifen 9-12 may kunlari Shveysariyaga qiladigan tashrifi chog‘ida AQSH Moliya vaziri Skott Bessent bilan uchrashadi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi xabar berdi.  

Bungacha AQSH tomoni tariflar va ular bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha bir necha yo‘nalishda muloqot olib borishga tayyor ekanini bildirgan.

“Qo‘shma Shtatlar tomonidan berilgan signallarni chuqur tahlil qilgan Xitoy global umid, milliy manfaat va amerikalik sanoatchilar hamda iste’molchilarning chaqiriqlarini inobatga olgan holda, AQSH bilan hamkorlik qilishga qaror qildi”, deyiladi Xitoy Savdo vazirligi bayonotida.

Shu bilan birga, Xitoy tomoni “hech qanday bitimga xalqaro adolat va prinsiplardan voz kechish evaziga erishilmasligini” ta’kidlagan.

“Agar Xitoy jang qilishga majbur bo‘lsa, u oxirigacha kurashadi”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel kuni Oq uy import bojlari bo‘yicha yangi tizim joriy qilgan edi. Barcha import qilinadigan mahsulotlar uchun asosiy boj stavkasi 10 foiz etib belgilangan, ammo ayrim davlatlar uchun bu stavkalar ancha yuqori: Xitoy uchun 34 foiz, Vetnam uchun 46 foiz, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foiz.

Keyinroq AQSH Prezidenti Xitoy mahsulotlariga nisbatan bojlarni 125 foizgacha oshirishini e’lon qildi. Bunga javoban Pekin AQSHdan olib kiriladigan mahsulotlarga 84 foizlik boj joriy etdi va ular kuchga kirdi.

Shundan so‘ng, Donald Tramp taxminan 60 mamlakatdan import bo‘yicha boj stavkalarini 90 kunga kechiktirishga qaror qildi. Bu davrda 10 foizlik umumiy bojlar va ilgari kiritilgan 25 foizlik avtomobil, po‘lat va alyuminiy importi bo‘yicha bojlar amalda qoladi. Biroq 10 aprel kuni AQSH Xitoy mahsulotlariga bojlari darajasini 145 foizga ko‘tardi.

Xitoy bungacha AQSH bilan tarif kelishuvi tuzishga rozi bo‘lgan va Xitoy manfaatlariga zid harakat qilgan mamlakatlarga nisbatan qarshi choralar ko‘rishini ogohlantirgan. Xitoy Savdo vazirligiga ko‘ra, Pekin bunday kelishuvlarni qabul qilmaydi va tegishli javob choralari ko‘radi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50821 | Инструменты