Rossiya Davlat Dumasi xorijiy fuqarolarni mobil ilova yordamida eksperimental ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Hujjatga ko‘ra, ilova orqali migrantlar ro‘yxatdan o‘tishi, geolokatsiya kuzatuvi yordamida shaxsiy maʼlumotlarning uzatilishiga rozilik berishi, shuningdek, ichki ishlar vazirligi hududiy organiga o‘zining haqiqiy manzili haqida muntazam ravishda maʼlumot berib turishi shart. Tajriba 2025 yil 1 sentyabrdan Moskva va Moskva viloyatida boshlanadi va to‘rt yil davom etadi.
Dasturga vizasiz va patent bo‘yicha ishlaydigan yoki patentsiz ishlash huquqiga ega migrantlar kiritiladi (Belarus fuqarolari bundan mustasno). Shuningdek, tashrif maqsadini o‘zgartirgan chet elliklar, eksperiment o‘tkazilayotgan hududda 90 kundan ortiq ish maqsadida bo‘lmagan shaxslar ishtirok etadi. Agar migrant oxirgi kuzatuv sanasidan boshlab uch kun ichida geolokatsiya maʼlumotlarini taqdim etmasa, u reyestrdan chiqariladi, agar Rossiyada qolish uchun qonuniy asoslar bo‘lmasa, u kuzatilayotgan shaxslar reyestriga kiritiladi.
Yangi qonun, shuningdek, bir hududda patent olgan xorijliklarga subyektlar o‘rtasida kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda, boshqa viloyat hududida ishlash imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bunday shartnomalar Moskva va Moskva viloyati, shuningdek, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati hokimiyatlari tomonidan tuzilishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, ish beruvchilar, agar u Rossiya Federatsiyasining ikkita taʼsis subyektida ishlayotgan bo‘lsa, chet el fuqarosining ish joyidagi Ichki ishlar vazirligining hududiy organini xabardor qilishi shart.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin taʼkidlaganidek, migrantlar uchun yashash joyi bo‘yicha majburiy ro‘yxatdan o‘tish, barmoq izlari, biometrik suratga olish va mobil qurilmalarning geolokatsiyasi monitoringi joriy etilmoqda. Bu choralar Belarus diplomatlari va fuqarolariga taalluqli emas. Agar tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, uning taʼsiri Rossiyaning boshqa hududlariga ham tarqalishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52203 | Инструменты