Biror joyda rasman ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan, shuningdek, barmoq izini topshirmagan hamda rus tilini o‘ranmagan migrantlar Rossiyani tark etishi kerak. Bu haqda Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev aytib o‘tdi. Uning murojaati videosi vazirlik rasmiy vakili Irina Volkning telegram-kanalida e’lon qilingan.
«Ko‘chalarda va turar joy sektorida noqonuniy kelayotgan migrantlar bo‘lmasligi kerak. Ishini yo‘qotganlar, OTMdan haydalganlar, daktiloskopiyadan o‘tmaganlar, til o‘rganmayotganlar, Rossiya jamiyatiga foyda keltirmayotganlar mamlakatimizni tark etishi kerak», – dedi Kolokolsev.
Ichki ishlar vazirligi rahbari «migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka qarshi tizimli kurashish», «oldini olish» uchun ishlashga chaqirgan. Kolokolsev ko‘rilgan choralarni «aybdorlar uchun jazo muqarrarligini ta’kidlagan holda» yoritish kerakligini ta’kidlagan.
Uchinchi zaruriy chora sifatida vazir migratsiya bo‘linmalarida navbatlardan xalos bo‘lishni aytdi. «Hujjatlarni qabul qilish va rasmiylashtirishni o‘z vaqtida, shov-shuvsiz amalga oshirish kerak», – deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiyada migratsiya siyosatini qat’iylashtirishning yangi to‘lqini 2024 yil bahorida boshlangandi. Joriy yil boshida Rossiyada nazorat ostidagi shaxslar reyestri - Ichki ishlar vazirligi bazasi ishga tushirildi, unga Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan chet elliklar haqidagi ma’lumotlar kiritiladi.
Aprel oyidan boshlab migrantlarning bolalari maktabga qabul qilinishidan oldin rus tilini bilish darajasi bo‘yicha sinovdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, chet el fuqarolariga nisbatan, xususan, maxsus chiqarib yuborish rejimi, kirishdagi qoidabuzarliklar va noqonuniy migrantlarga xizmat ko‘rsatish uchun jarimalar joriy etildi, shuningdek, istalmagan bo‘lish maqomi belgilandi.
Rossiyaga eng ko‘p MDH davlatlari fuqarolari tashrif buyuradi. 2024 yilda Tojikistondan 128 ming kishi, O‘zbekistondan – 107 ming kishi, Qirg‘izistondan – 105 ming kishi kelgan. Migrantlar bo‘yicha siyosat qat’iylashtirilganidan keyin mazkur mamlakatlar bir necha bor o‘z fuqarolarining huquqlari buzilgani yuzasidan e’tiroz bildirdi.
2024 yil oktyabrda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda respublika fuqarolarini Rossiyaga kiritmaslik, «xavfsizlikni ta’minlashning keng va noaniq ta’rifi ostida» kirishga taqiq qo‘yish yoki mamlakatdan chiqarib yuborish holatlari tez-tez uchrayotganini ma’lum qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71020 | Инструменты