Amerikaning Microsoft korporatsiyasi Rossiya bozorini butunlay tark etadi. Uning shuʼba korxonasi "Maykrosoft Rus" MCHJ Moskva arbitraj sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza berishga tayyorlanmoqda. Tegishli xabar 30 may, juma kuni “Fedresurs” portalida chop etildi. Gazprombank kompaniyaning kreditori hisoblanadi.
"Maykrosoft Rus"ning sudga murojaat qilish sabablaridan biri Gazprombank tomonidan berilgan daʼvo bo‘ldi. Yanvar oyida bank Microsoft‘ning Rossiya yuridik shaxsidan asossiz boyib ketish holatida 90,9 million rubl to‘lashni talab qilgan edi. Ish materiallariga ko‘ra, daʼvolar 2021 yil sentyabrida tuzilgan va 2022 yil 12 sentyabrgacha amal qiladigan texnik ko‘mak shartnomasiga taalluqlidir. Daʼvogarga ko‘ra, 2022 yil aprelidan boshlab "Maykrosoft Rus" kompaniyasi to‘lovni to‘liq olganiga qaramay, shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishni to‘xtatgan.
Aprel oyida sud daʼvoni qisman qanoatlantirdi: kompaniya asossiz boyigani uchun 887 ming dollar va foiz sifatida yana 62 ming dollar — jami 949 ming dollar to‘lashga majbur bo‘ldi. Sud, shuningdek, haqiqiy to‘lov amalga oshirilgunga qadar kreditlar bo‘yicha o‘rtacha og‘irlikdagi foiz stavkasidan kelib chiqqan holda foizlarni qo‘shimcha undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Rasmiy ravishda Microsoft Rossiya Federatsiyasidagi faoliyatini 2022 yilning bahorida – Rossiyaning Ukrainaga hujumidan so‘ng to‘xtata boshlagan, biroq yaqin vaqtgacha kompaniya mamlakatda qonuniy ishtirokini saqlab kelgan. 2024 yil dekabr — 2025 yil yanvar oylarida Rossiyaning 13 shahrida, jumladan Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Novosibirsk, Vladivostok va Krasnodarda Microsoft filiallari butunlay yopildi.
"Maykrosoft Rus" MCHJ Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng o‘z operatsion faoliyatini keskin qisqartirdi. Agar 2021 yilda daromad 6,9 milliard rublni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 161,6 million rublga kamaydi. Shu bilan birga, buxgalteriya hisoboti maʼlumotlariga ko‘ra, kompaniya 174,1 million rubl miqdorida sof foydani ko‘rsatgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40421 | Инструменты