AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi noqonuniy migrantlarning vataniga qaytish jarayonini yengillashtirishga qaratilgan dasturni ishga tushirmoqda. Bu haqda idoraning rasmiy portalida e’lon qilingan xabarda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlardan o‘z xohishi bilan chiqib ketadigan noqonuniy migrantlarga ming dollardan pul to‘lash reja qilinmoqda.
«Agar siz bu yerda noqonuniy yurgan bo‘lsangiz, mustaqil deportatsiya — bu hibsdan qochishning eng yaxshi, xavfsiz va AQShni tark etishning nisbatan kamxarj usulidir. CBP Home ilovasini hoziroq yuklab oling va mustaqil deportatsiyani amalga oshiring», — deydi AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem.
Xabarda aytilishicha, AQSh Ichki ishlar vazirligi endilikda noqonuniy migrantlarga vatanga qaytish safarlari uchun moliyaviy yordam va qaytib borgandan so‘ng to‘lov taklif qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, CBP Home ilovasi orqali o‘z xohishi bilan deportatsiya qilinishni tanlagan har bir noqonuniy migrant vatanga qaytgach, 1000 dollar miqdorida to‘lov oladi. «Bu huquqni muhofaza qilish organlari, xorijliklar uchun eng xavfsiz variant va AQSh soliq to‘lovchilari uchun 70 foizli tejamkorlikni anglatadi», — deyiladi press-relizda.
Donald Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtidayoq noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash uning prezidentlik dasturining bir qismi bo‘lishini aytib o‘tgan edi. AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tomonidan keltirilgan so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, yil boshidan buyon mamlakatdan 117 ming kishi deportatsiya qilingan. Aprel oyining boshida The Washington Post gazetasi amerikalik amaldorlarga tayanib, 2025 yil yakuniga qadar AQSh tomonidan deportatsiya qilingan migrantlar soni 1 million kishiga yetishini ma’lum qilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50612 | Инструменты