Plastik idish uchun 150 so‘m: Toshkent va Surxondaryoda fandomatlar ishga tushirildi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan xorij standartlari O'zbekistonda joriy etildi. Endilikda plastik va alyuminiy idishlarni fandomatga topshirish orqali donasiga 150 so'mgacha pul olish mumkin. Bu haqida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

Endilikda aholi saralangan plastik, shisha va alyuminiy ichimlik idishlarini maxsus fandomatlarga topshirib, har bir idish uchun 150 so‘m miqdorida rag‘batlantiriladi. Qurilmadan foydalangan fuqaro ikki variantdan birini tanlashi mumkin. Birinchi holatda qabul qilingan har bir idish uchun 150 so‘m pul beriladi. Mablag‘ click elektron hamyoniga o‘tkaziladi. Ikkinchi variantda esa fuqaro pulni xayriyaga sarflashi mumkin. Bunda yig‘ilgan idishlarni sotishdan tushgan mablag‘lar xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga yo‘naltiriladi.

Fandomatlar ichimlik idishlarini boshqa maishiy chiqindilarga aralashtirmasdan alohida yig‘ish va ularni qayta ishlash imkoniyatini yaratadi. Saralangan materiallardan ikkilamchi xomashyo olinib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishda qayta foydalanish mumkin. Bu esa tabiiy resurslardan foydalanishni kamaytirish hamda chiqindilarning ko‘chalar, suv havzalari va poligonlarga tushishini qisqartirishga xizmat qiladi.

Pilot loyiha o‘zini oqlasa, kelgusida fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92416 | Инструменты