O'zbekiston korporativ tratap faolligi bo'yicha Markaziy Yevroosiyoda birinchi o'rinni oldida

StartupBlink xalqaro tadqiqot platformasi "Corporate Startup Activity Index 2026" hisobotini e’lon qildi. Mazkur reytingda O‘zbekiston korporativ startap faolligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha Markaziy Yevroosiyo mintaqasida yetakchiga aylandi. Bu haqda Sherzod Shermatov ma'lum qildi.

Ushbu indeks yirik kompaniyalarning startap loyihalarga qay darajada faol investitsiya kiritayotgani, akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yayotgani hamda istiqbolli startaplarni sotib olayotganini (M&A) tahlil qiladi. E’tiborlisi, joriy yilgi hisobotda ilk bor alohida kompaniyalar bilan bir qatorda davlatlar va shaharlar ham baholandi.

Hisobot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston va Toshkent shahri qator muhim ko‘rsatkichlarni qayd etdi:

Jahon reytingi: O‘zbekiston 77 ta davlat orasida 50-o‘rinni egallab, Markaziy Yevroosiyo mintaqasidan Top-50 talikka kirgan yagona mamlakat bo‘ldi.

Osiyo mintaqasi: Mamlakatimiz Osiyoning eng faol Top-10 davlati qatorida 9-o‘rindan joy oldi va mazkur o‘nlikka kirgan Markaziy Osiyodagi yagona davlat sifatida qayd etildi.

Shaharlar kesimida: Toshkent shahri dunyoning 286 ta shahri orasida 90-o‘rinni band etib, mintaqadan kuchli yuztalikka kirgan yagona shahar bo‘ldi.

Shuningdek, global reytingga O‘zbekistonning uchta yirik korporativ tuzilmasi ham kiritildi. Xususan, "Aloqabank" 213-o‘rinni, "O‘zsanoatqurilishbank" (SQB) 398-o‘rinni hamda Uzcard 944-o‘rinni egalladi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, ushbu natija mahalliy yirik biznes va moliya institutlarining innovatsion loyihalar bilan ishlashga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Startap ekotizimi imkoniyatlari, investitsiya va qo‘llab-quvvatlash dasturlari bilan startupbase.uz yagona elektron platformasi orqali tanishish mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112120 | Инструменты