Huawei 1
Ulug‘bek Rashidov diskvalifikatsiya qilinganiga izoh berdi

Taekvondo bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni Ulug‘bek Rashidov o‘zining Instagram sahifasi orqali nima sababdan ikki yilga diskvalifikatsiya qilinganiga izoh berdi.

«Assalomu alaykum, aziz do‘stlar. Ko‘plaringiz eshitgan bo‘lsangiz kerak, men ikki yilga diskvalifikatsiya qilindim. Lekin men bir narsani aniq aytmoqchiman: bu diskvalifikatsiya taqiqlangan dori vositalarini qabul qilganim uchun emas, balki joylashuv bo‘yicha qoidalarga rioya qilmaganim uchun berildi.

Bu men uchun og‘ir, lekin saboqli bir tajriba bo‘ldi. Biz yanada kuchliroq qaytamiz, Alloh xohlasa. Menga ishongan va qo‘llab-quvvatlagan barchaga cheksiz minnatdorchilik bildiraman», — deb yozadi u.

Rashidovning so‘zlariga ko‘ra, har bir sportchi har kuni o‘zining joylashuvi, qayerda tunashi va qayerga uchishi bo‘yicha dasturni to‘ldirishi kerak.

«Mening holatimda ertalabki soat 06:00 da kelishdi. Bu noyabr oyida sodir bo‘lgandi. Mening dasturimda kechki soat 21:00 ko‘rsatilgan bo‘lsada, ertalab soat 6 da kimdir kelishi mumkinligini umuman kutmagan edim. Hatto menga qo‘ng‘iroq ham qilishmadi, faqat SMS yuborishdi…», — deydi sportchi.

Shundan keyin Ulug‘bek Rashidovga mazkur holat qoidabuzarlik hisoblanishi va shu boisdan diskvalifikatsiya qilishini to‘g‘risida xat yuborilgan.

«Oxirgi marta 22 aprelda kelishib, mendan doping uchun namunalar olishdi. Ular toza ekanimga ishonch hosil qilishdi va shunday qarorni qabul qilishdi», — deydi ikki karra Olimpiada chempioni.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 71218 | Инструменты