Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonov namunasida doping aniqlandi

Bokschi Lazizbek Mullajonovning namunasida doping moddasi borligi aniqlandi. Bu haqda Xalqaro doping-test agentligi (ITA) xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Mullajonovning 2025 yil 11 iyunda topshirgan namunasida metasteron aniqlangan. Test sinovi musobaqadan tashqari davrda o‘tkazilgan.

Metasteron – taqiqlangan modda bo‘lib, mushaklarning tez o‘sishiga, kuch va chidamlilikni oshirishga yordam beradigan sintetik anabolik androgen steroid.

Sportchi ushbu holat haqida xabardor qilingan va B namunasini tahlil qilishni so‘rash huquqiga ega.

Ta’kidlanishicha, agar B namuna tahlili so‘ralsa va A namunasi natijasini tasdiqlasa, ish dopingga qarshi qoidalarning tasdiqlangan buzilishi deb hisoblanadi.

Agar B namunasini tahlil qilish so‘ralmasa, u holda ish baribir dopingga qarshi qoidalarning tasdiqlangan buzilishi sifatida ko‘rib chiqiladi. Sportchiga natijalar bo‘yicha o‘z tushuntirishini taqdim etish imkoniyati beriladi.

Butunjahon antidoping kodeksi qoidalariga ko‘ra, Mullajonov vaqtinchalik barcha musobaqalardan chetlatilgan.

Lazizbek Mullajonov 26 yoshda. 2024 yilgi yozgi Olimpiadada u 92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, 2023 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 80105 | Инструменты